Bugun Toshkent davlat tibbiyot universiteti simulyatsion markazida tibbiyot sohasidagi eng muhim ta’limiy anjumanlardan biri — “Tibbiyot mohirlari” Xalqaro amaliy ko‘nikmalar olimpiadasi o‘z ishini rasman boshladi.
Olimpiadada O‘zbekistonning barcha hududlaridan, shuningdek, xorijiy tibbiyot universitetlari va akademik markazlaridan kelgan talaba va rezidentlar ishtirok etmoqda. Ishtirokchilar turli yo‘nalishlarda — terapiya, pediatriya, jarrohlik, akusherlik-ginekologiya, shoshilinch tibbiy yordam va boshqa klinik bloklarda o‘z amaliy ko‘nikmalarini namoyish etishadi.
Olimpiada dasturi quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
• murakkab klinik vaziyatlarni tahlil qilish,
• simulyatorlarda amaliy mashqlar bajarish,
• shoshilinch va tanqidiy holatlarda to‘g‘ri qaror qabul qilish topshiriqlari,
• amaliy ko‘nikmalar bo‘yicha baholash stansiyalari.



