Toshkent tibbiyot akademiyasi
1-son Davolash fakulteti Klinik modellashtirish kafedrasi
14.10.2022.yilda o‘tkazilgan
“Sharq javohirlari” deb nomlangan ma’naviyat soati
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev yangi O’zbekistonni bunyod etish g’oyasini ilgari surar ekan, ushbu buyuk maqsadga erishish uchun, avvalo, ilm-fanni rivojlantirish, zamonaviy ilm-fan yutuqlarini puxta egallash, eng yangi texnika va texnologiyalarni o’zlashtirish, ijtimoiy-iqtisodiy hayotimizga axborot texnologiyalarini joriy qilish, dunyoda inson taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qiladigan barcha ilg’or g’oyalarni o’zlashtirishdek pragmatik siyosatni amalga oshirish vazifasini kun tartibiga qo’ymoqda. Yuqoridagi hayotbaxsh g’oyalarda jahonshumul mazmun va mohiyat, tarixiy asos yotibdi. Negaki, xalqimiz o’z o’tmishida ikkita Renessans shukuhini vujudidan o’tkazgan. Birinchisi — Sharq Uyg’onish davri deb ataladigan va insoniyat sivilizatsiyasi rivojiga katta hissa qo’shgan IX-XII asrlar Renessansi, Ikkinchisi — Temuriylar Renessansi — XIV-XV asrlarda dunyo ilm-fani, san’ati, madaniyati, iqtisodiyot, davlatchilik taraqqiyotiga ulkan hissa qo’shgan buyuk o’zgarishlar davri. Bu ikki davrda daho ajdodlarimiz qadimgi tafakkur va ilm ta’sir doirasida bo’lgan jahon sivilizatsiyasini dadil qadamlar bilan oldinga boshladilar.
Bugungi kunda mamlakatimizda etti mingdan ortiq yodgorlik, shu jumladan, 2500 ta me’moriy obida, 2700 tadan ortiq monumental san’at asari davlat muhofazasiga olingan. 1991 yildan Xivadagi Ichonqal’a qo’riqxonasidagi, 1993 yildan Buxoro shahri markazidagi, 2000 yildan Shahrisabz shahri markazidagi yodgorliklar Yuneskoning “Umumjahon madaniy merosi” ro’yxatiga kiritildi. O’tmishimizni avaylash, tarixiy obidalarni e’zozlash, asori-atiqalarni, qolaversa, xalqimizning buyuk o’tmishi, yashayotgan ijtimoiy hayoti va kelajagi bilan bevosita bog’liqdir. Bu xususiyatlar millatimiz va xalqimizning milliy qadriyati bo’lib, azaldan ularning qon-qoniga singib ketgan.
Samarqand — jahonning eng qadimiy shaharlaridan biri, Rim, Afina, Vavilonlarning tengdoshidir. O’tmishning shoirlari va tarixchilari uni chinakam «Sharq jannatmakon bog’i», «Yer yuzi», «Sharq olamining bebaho durdonasi», «Jahon mamlakatlarning bezagi», «Sharqning Rim kabi shahri»… va hokazolar kabi go’zal o’xshatishlarni bejiz bag’ishlamagan edilar.
Aynan Temuriylarnig hukmronligi davrida Samarqand o’zinnig eng yuksak kamolotiga yetgan edi.
Yevropa davlatlarining hukmdorlari bu shaharni ziyorat qilishni o’zlari uchun sharaf deb bilganlar.
Samarqand — afsonaviy shahar. Bu yerda har bir tosh, jarlik yoki suv havzasi – o‘tmishdan so’ylovchi tirik bir ertak, shaharning har bir dahasi (guzari yoki mahallasi) o’z afsonalarini go’yoki shajarasi kabi saqlab keladi. Ba’zan har bir samarqandlikning qalbiga aziz bo’lgan biror bir tarixiy voqea yoki joy xam afsonalarga ko’miladi.
Buxoroga borib, shu qadimiy shaharni ko’rgan kishilarning barchasi minoralarning tepalaridagi g’alati ko’rinishdagi «qalpoqlarga» e’tibor bergan bo’lsalar kerak. Bular laylak uyalaridir. Umidning timsoli bo’lgan bu oppoq qushlar shaharning ramzi, uning barqarorligi va sadoqatining ham ramzi bo’la oladi. Boy go’zal shahar juda ko’p marta turli-tuman dushmanlarning bosqinchilik hujumlarining maqsadi bo’lgan, mo’g’ul-tatarlarning bosqini eng og’ir, yer bilan yakson qiluvchi darajada bo’lgan edi. Lekin Buxoro har gal qaytadan aynan o’sha joyda tiklanib, o’z zamini-yu a’analariga sodiq bo’lib qaytadan barpo bo’lar edi
Buxoroga asos solinishi qadim-qadimgi asrlar tubiga borib taqaladi. 1997 yilda YuNESKO ning qaroriga ko’ra butun madaniy dunyo uning 2500-yilligini nishonlagan edi. Afsonalar shaharning paydo bo’lishini tarixiy shaxs obrazi bilan bog’liq Zardo’shtiylik xudolaridan biri – Siyovush bilan bog’laydi. Buxoroning eng qadimiy qismi uning qal’asi – Ark hisoblanadi, bu yerda arxeologlar eramizdan avvalgi IV – III asrlarga oid bo’lgan ba’zi topilmalar borligini aniqlashdi. Bu balandligi 20 metr bo’lgan katta tepalik bo’lib, u yerda ilgari Buxoro amirining saroyi, uning harami, xazinasi, qurol-yarog’ saqlanadigan xonalari, o’ta xavfli jinoyatchilar uchun zindon bo’lgan edi. Hozirgi paytda ular tiklanmoqda.
Xiva — muzey-shahar, lekin Rim shahri kabi aholi yashaydigan shahardir. Sharqning ko’pgina shaharlari kabi Xiva Amudaryoning quyi oqimida joylashgan Xeyvak nomli suv havzasi yonida barpo etilgan bo’lib, Xorazm vohasining sug’oriladigan yerlarida rivojlanib kelgan. Arxeologik tadqiqoitlarning ko’rsatishicha, shahar kamida 2500 yoshga kirgan. Bularning hammasi YuNESKO tashkilotiga Xivani qo’riqxona ahamiyatidagi shahar deb e’lon qilishga, shaharning ichki qismi bo’lgan Ichan-qal’ani esa jahon ahamiyatidagi tarixiy yodgorlik deb e’tirof etishga asos bergan.
Shahrisabz — Amir Temur shahri, bu yerda hamma narsa u yoki bu tarzda uning nomi bilan bog’liq. Bu yerda uning otasi Muhammad Tarag’ay va ma’naviy ustozi Shamsiddin Kulol ko’milganlar, bu yerda uning katta o’g’illari Jahongir Mirzo va Umarshayx Mirzolar go’ri joylashgan. Ulug’ Sohibqironning o’zi ham uning joni shu yerda arshi a’loga uchib ketadi, deb o’ylagan edi. Hattoki maqbarani ham tayyorlab qo’ydi. Lekin taqdir buni boshqacha hal etdi…
Oqsaroy saroyi bayramona hukumat binosi – rezidentsiyaning namunasi bo’lishi mumkin. Saroyning qurilishi 1380 yilda boshlangan, lekin 1404 yilda ham unda pardoz ishlari tugatilayotgan edi. Bu ulug’vor inshootning o’qsimon gumbazi oralig’i 22 metrdan ortiq bo’lib, temuriylar barpo etgan barcha inshootar orasida eng antiqadir.
Temur va temuriylarning davrida shahrlarning ansambllar bilan – majmuiy qurilishi keng tarqalgan. Bu Shahrisabzda ham yaqqol ko’rinadi, bu yerda Dorus-Tilovat va Dorus-Saodat ansambllari ajralib turadi.
Shahrisabz faqatgina buyuk amirning «taxt zamini» bo’lmagan. Temurning tug’ilishidan ancha ilgari u o’z tarixiga ega edi. Avvalo bu jahonnig eng qadimgi shaharlaridan biri. Olimlarning fikricha, Shahrisabz 2700 yoshda, bu esa «Boqiy shahar» Rimning yoshidir. YuNESKO qaroriga ko’ra aynan shu sana 2002 yilda butun madaniy dunyoda nishonlangan. Eramizdan avvalgi IV asrda iskandar Zulqarnayn lashkarlari dam olish uchun Kesh vohasida to’xtagan, Baqtriyaning satrapi bo’lgan Bess Doro III in o’ldirib, o’zini «osiyo podshohi» deb e’lon qilgan, lekin uning o’zi aynan shu yerda asirga olingan. VII asrda shaharni arablar qamal qilgan, bir asr keyin esa Kesh shahri Muqanna rahbarligi ostida arablarga qarshi kuchli qo’zg’olonning markazi bo’ldi. Tinch davrda shahar hech qanday to’sqinliksiz o’sib rivojlanar edi, bunga uning gavjum Buyuk Ipak yo’lidagi nihoyatda qulay joylashuvi sabab bo’lgan.